Mahmudhoja Behbudi

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875, Samarqand – 1919, Qarshi) was a leading reformer, educator, playwright, and journalist of the Jadid movement. Orphaned young, he studied under his uncle and became a mufti. He opened Jadid schools, a public library (Qiroatxonayi Behbudiya), and actively promoted education and enlightenment. In 1913, he launched the Samarqand newspaper and the influential Oyina journal, publishing articles on national rights, history, and language. As a playwright, he wrote Padarkush (1913), the first Uzbek drama, which laid the foundation of national theatre. A political activist, he supported the 1917 Turkestan Autonomy and opposed Bolshevik colonial policies. In 1919, he was captured by Soviet agents and executed near Qarshi. His legacy as a martyr for freedom and education inspired later generations.

(1875 — 1919)

Bolaligi. 1875-yil 19-yanvarda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Ahmad Yassaviyning avlodlaridan boʻlib, imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan. Onasi (ismi nomaʼlum) 1893-yili, otasi 1894-yili vafot etgan.

Maʼlumoti. Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetgan. Kichik togʻasi Mulla Odildan arab tili grammatikasini oʻrgangan. Buxoro madrasalarida moddiy qiyinchiliklar sabab oʻqishni nihoyasiga yetkazolmagan.

Faoliyati. Samarqandga qaytib, Muhammad Siddiq qozixonasida mirzolik qila boshlagan. Qozilikdan mufti darajasigacha koʻtarilgan.

1899 – 1900-yillari Mahmudxoʻja Behbudiy haj ziyoratiga borgan. Vataniga qaytgan Mahmudxoʻja Behbudiy tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qilgan, bu masalalar borasida maslakdoshlari Baqo Hoji, Hoʻqandboy Abduxoliq oʻgʻli, Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozaralar oʻtkazgan. 1903-yili alloma tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy Halvoyi, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlogʻida, Hoji Muin Xoʻja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochganlar.

Behbudiy 1908-yili “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur boʻlgan) kutubxonasini ochgan. Ushbu kutubxona ikki navbatda – soat 9 dan 17 gacha va soat 18 dan 24 gacha ishlab, 60 dan 110 gacha boʻlgan kitobxonlarga xizmat koʻrsatgan. Behbudiy “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida  kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnallar esa undan ham koʻp boʻlganini yozgan.

1914-yilgi  sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Misr, Yunoniston, Bulgʻoriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida boʻlib, u yerlardan oʻz kutubxonasi uchun juda koʻp kitob va risolalar olib kelgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy 1913-yildan matbuot ishlarini yoʻlga qoʻyagan va  shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnali chiqa boshlagan. “Samarqand” gazetasi oʻzbek va tojik tillarida, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 1913-yil 17-sentyabrda gazetaning 45-soni chiqqan boʻlib, bir tomondan, mustamlakachilar senzurasi, ikkinchi tomondan, yetarli mablagʻ boʻlmagani sabab toʻxtatilgan.

“Oyina” haftalik jurnal boʻlib, oʻzbek va tojik tilidagi maqolalar berib borilgan. Uning obunachilari nafaqat Turkiston, balki  Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyada ham bor edilar. 1915-yilgacha nashr qilingan jurnalda Turkiston aholisining haq-huquqi, tarixi, til-adabiyot masalalariga bagʻishlangan gʻoyat muhim maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalasi muharrirning hamisha diqqat markazida turgan. Mahmudxoʻja Behbudiy millat taraqqiysi uchun bir necha tilni bilishlikni shart deb hisoblagan.

Mahmudxoʻja Behbudiy millat ziyolilaridan Abdurauf Fitrat, Siddiqiy, Hoji Muin, Akobir Shomansur, Muhammad Said, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hakim Buxoriy, Niyoziy Rajabzodaning maqolalari va sheʼrlarini “Oyina” sahifalarida chop etib borgan. Nashr yosh qalamkashlar, boʻlgʻusi adib va maʼrifatparvarlar uchun tajriba maydoni vazifasini ham oʻtagani maʼlum.

“Oyina” jurnali tahririyatining faoliyati mustamlakachilar tomonidan doimiy nazoratda boʻlgan. Oʻzbekiston Milliy arxivida Turkiston harbiy okrugining shtab boshligʻi imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914-yil 19-avgust kuni 100-xat yuborilgan boʻlib, unda birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo boʻlishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshirgan. “Oyina” jurnali toʻgʻrilama-qoralamasidan koʻchirma jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha senzuraga yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy harbiy okrugga chaqirtirilib, ushbu “oʻta maxfiy xat” ostiga “oʻqidim va maʼlumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektirilgan. Shu bilan birga, Turkiston general-gubernatorligi nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlar koʻpaytirilgan. “Oyina” bosh muharriri esa ularga munosib javob berib borgan. Ammo jurnal faoliyatini cheklash uchun olib borilgan uzluksiz harakatlar oʻz samarasini bergan va 1915-yilga kelib jurnal faoliyati butunlay toʻxtatilgan. 

Behbudiy jamiyat hayotidagi illatlar, nuqsonlar va ilmsizlikni sahnada koʻrsatish orqali xalqni taraqqiyparvarlikka daʼvat etish maqsadida 1914-yili milliy teatrga asos solgan. Teatr sahnasida ijro etish uchun “Padarkush” dramasini yozgan. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olgach, 1913-yili uni chop ettirgan.  Muallif “Milliy fojea” deb atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va tushunarli boʻlib, oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib, oʻz otasining oʻldirgani, nodonlik va jaholat haqida edi. “Padarkush” dastlab 1914-yil 15-yanvarda Samarqandda, 1914-yil 27-fevralda Toshkentda sahnaga qoʻyilgan. Abdulla Avloniyning “Turon” guruhi Kolizeyda (hozirgi savdo birjasi binosi) oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlagan edi. “Turon” guruhi 1914–1916-yillari bu spektakl bilan butun Fargʻona vodiysini aylanib chiqqan. Ushbu sahna asari Turkistonni junbushga keltirgan qirgʻinbarot yillarda ham sahnadan tushmaydi. Bu bir tomondan millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undagan boʻlsa, ikkinchi tomondan rosmana oʻzbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotiga xizmat qilgan.

1917-yil fevralda Rossiya markazidan yuz bergan keskin oʻzgarishlar, xususan, imperator Nikolay II taxtdan agʻdarilib, Muvaqqat hukumat tuzilgani sharotida metropoliya siyosatchilarini birlashtirgan partiyalar hokimiyat uchun kurashga kirishganlar. Turkiston jadidlari ushbu tarixiy lahzalarni hurriyat shabadalari sifatida qabul qilganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy ham yeng shimarib, ishga kirishgan. “Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va sayʼ etmoqgʻa yoʻl ochiqdur” deb, bu jarayonlardan unumli foydalanish zarurligini taʼkidlagan va birlashib harakat qilishga daʼvat etgan.

1917-yil martda Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi oʻtkazilib, Turkiston musulmonlari shoʻrosi milliy markazi saylangan. Unga mintaqaning hamma boʻlaklaridan vakillar, jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiy, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Nosirxon Toʻra, Muhammad Tinishboyev, Oʻroz Sardor ham kiritilganlar.

1917-yil 16 – 23-aprelda Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyda Mahmudxoʻja Behbudiy nutq soʻzlab, millatni oʻzaro ixtiloflardan voz kechish, buyuk maqsad yoʻlida birlashish, ittifoq boʻlishga chaqirgan. “Ixtilofimiz sababli mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar”, deb ochiq aytgan.

1917-yil yozida Rossiya oʻz muammolari bilan ovora boʻlib turgan davrda Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini oʻylab, “Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qoʻshilgan holda... Turkiston hukumati taʼsis etsak, oʻzimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) boʻlsun”, deb yangi takliflar bergan.

Bu taklifga birinchi boʻlib chorizmdan qolgan “burjuachilar” emas, “morozovchilar”, yaʼni boʻlgʻusi bolsheviklar qarshi chiqqanlar. Ular Mahmudxoʻja Behbudiyning adolatli yondashuvlaridan xato topa olmaganlar. Biroq uning takliflarini “shoshqaloqlarcha” berilgan, deya eʼtiroz bildirganlar. Shuningdek, oʻzlarining har jihatdan ustunliklarini koʻrsatib, “Musulmonlar oʻzlarini boshqarishda hali ruslardan koʻp oʻrganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar oʻtirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar boʻlsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda koʻp boʻladi, musulmonlarda esa boʻlmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy boʻlmaganlarga qoʻyib bersalar, ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan boʻladi”, deb xulosa yasaydilar.

1917-yil oktyabrda hokimiyatni toʻliq egallagan bolsheviklar yeng shimarib mustamlakachilik siyosatini kuchaytirishga kirishganlar. Millat oydinlari yangi hukumatdan muxtoriyat talab qila boshlaganlar. 1917-yil 26-noyabr kuni Qoʻqon shahrida oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi chaqirilgan va Turkiston muxtoriyati tashkil etilgani eʼlon qilingan. Yangi Turkiston asoschilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy boʻlib, millat fidoyisining ozodlikka boʻlgan intilishi, uni intiqib kutgani “Hurriyat” gazetasining 1917-yil 22-dekabr sonidagi “Turkiston muxtoriyati” sarlavhali maqolasidagi quyidagi fikrlaridan bilib olishimiz mumkin: “27-noyabrda Hoʻqandda Turkiston muxtoriyati Umumiy musulmon seʼzdida eʼlon qilindi. Muborak va xayrli boʻlsun! Kamina ham majlisda boʻlganim uchun iftixor etaman. Yashasun, Turkiston muxtoriyati! ...Shuni bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon toʻkilmas. Yer va amlok ham taqsim boʻlmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodlik ixtilof etmoq uchun ittifoq etganmiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtliqgʻa duchor boʻlurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 millionlik bir quvvat ummongʻa kelurki, shunga yer titraydur. Agar soʻzumni fahmlata olgan boʻlsam, oʻzimni baxtli hisoblardim”.

Turkistondagi mustamlakalaridan mahrum boʻlishni istamagan bolsheviklar Muxtoriyatga qarshi chiqqanlar va 1918-yil fevralda uning markazi – Qoʻqon shahriga hujum uyushtirganlar. Shahar qonga botirilgan. Mustaqil davlat tuzishga harakat qilgan hukumat bor-yoʻgʻi 72 kun yashagan.

Mahmudxoʻja Behbudiy Qoʻqondagi voqealardan tushkunlikka tushmagan, millat manfaati yoʻlida xizmat qilishda davom etib, soʻnggi nafasigacha ozodlik uchun kurashgan. U ayrim yurtdoshlari singari “qizil” bosqinchilar safiga qoʻshilgan emas, balki 1917-yildayoq bolsheviklarga qarshi tuzilgan, yashirin faoliyat olib borgan “Ittihodi taraqqiy” jamiyatiga kirgan. Jamiyat oʻz faoliyatini tashkillashtirishda Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy” tashkilotidan yordam soʻraydi va ikki marta maxsus vakillarini Turkiyaga yuboradi. Ammo har ikkala vakillik ham maqsadiga erisha olmagan. Birinchi vakillar Sadirxon va Saʼidnosir Mirjalilovlar 1918-yil Istanbulga borganlarida, Yosh turklar hukumati magʻlubiyatga uchragan va tashkilot aʼzolari muhojirlikka ketgan edi. Shuning uchun ular belgilangan kishilar bilan uchrasha olmay Toshkentga qaytganlar.

Ikkinchi hayʼatning borishi 1919-yili rejalashtirilgan boʻlib, uning tarkibiga Toshkentdan Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev va Saʼidnosir Mirjalilov, Samarqanddan Mahmudxoʻja Behbudiy, Mardonqul va Muhammadqul kirgan edilar. Ularning Turkistondan chiqib ketishlaridan sovet hokimiyatining Favqulodda komissiyasi (CHK) – maxsus xizmati xodimlari xabar topganlar. Ushbu sharotida Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev Moskvada, Saʼidnosir Mirjalilov Tiflisda yashirinishga majbur boʻlganlar.

Ilmiy-adabiy merosi. Behbudiy umri davomida “Turkiston viloyatining gazeti”, “Tujjor”, “Samarqand” gazetalari va “Oyina” jurnalida yuzlab maqolalar yozgan. Ularda millat va Vatan, jamiyat va axloq haqidagi qarashlarini ifoda etgan. “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolayi jugʻrofiyoyi Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi darslik va qoʻllanmalar muallifi hamdir.

Oilasi: Toʻrt oʻgʻli va bir qizi  boʻlgan. Mahmudxoʻja Behbudiy oʻldirilgach, bolalariga Qozi Haydarbek, Akobir va Abduvohid afandilar vasiylik qilganlar. Mahmudxoʻja Behbudiyning toʻngʻich oʻgʻli Maʼsudxon 1897-yili tugʻilgan. Maqsudxon (1910 – 1931) geografiya ilmiga iqtidorli va qobiliyatli boʻlib, erta vafot etgan. 1914-yili tugʻilgan oʻgʻli Matlubxon urushda bedarak yoʻqolgan. Qizi Parvin (Surayyo) 82 yoshda 1984-yilda vafot etgan. 1919-yili tugʻilgan oʻgʻli Shavkat 1990-yili vafot etgan.

Oʻlimi. 1919-yili Favqulodda komissiya aygʻoqchilari yordamida Shahrisabz bekligida qoʻlga olingan. Oradan taxminan ikki oy oʻtgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlangan. Bir necha kundan soʻng Qarshi begi Togʻaybekning buyrugʻi bilan yordamchisi Nuriddinxoʻja Ogʻaliq Ahmadxoʻja oʻgʻli tomonidan zindon yaqinidagi “podsholik chorbogʻi”da oʻldirilgan.

Mahmudxoʻja Behbudiyning qatl qilingani Samarqandda bir yildan keyin maʼlum boʻlgn. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Sadriddin Ayniy va boshqa shoirlar unga atab marsiyalar yozganlar.

Keyinchalik Mahmudxoʻja Behbudiyning Samarqandda faoliyat yuritayotgan shogirdlari, safdosh va maslakdoshlari uning qabrini izlab topish, qotillarni aniqlash harakatiga tushganlar. Ular “Samarqand komissiyasi”sini tuzib, Qarshiga kelganlarida, bu paytda ushr-soliq nazorati idorasining boshligʻi boʻlib olgan Nuriddin Ogʻaliq ularning faoliyatiga yoʻl qoʻymagan. Qarshi shahridagi hukumat aʼzolari esa uning xohish-irodasiga qarshi chiqolmaganlar.

Amirlik davrida yuqori mansabda ishlagan Nuriddin Ogʻaliqning sovet hukumatida ham oʻz mavqeini saqlab qolishining sababi bolsheviklar bilan hamkorlikda Mahmudxoʻja Behbudiyni yoʻq qilib yuborgani bilan bogʻliqligini hech kim inkor etolmaydi, albatta.

Ammo 1923-yil kuzida BXSR hukumati taftish komissiyasi Qarshi viloyati soliq idorasi faoliyatini tekshiruvdan oʻtkazgan. Komissiya Nuriddin Ogʻaliq hamda uning safdoshlari katta qonunbuzarlik va jinoyatga qoʻl urganlarini aniqlagan. Chunonchi Nuriddin Ogʻaliq hukumatning 42 ming pud bugʻdoyi va 20 ming oltin quymasini talon-taroj qilganlikda, mehnatkashlarning 1000 – 2000 tasini yarim och, yarim toʻq holatda oʻz yerlarida ishlatganlikda ayblangan. Bundan tashqari, buyuk mutafakkir Mahmudxoʻja Behbudiy hayotiga zomin boʻlgani bilan bogʻliq jinoyati ham qoʻshilib, sud Nuriddin Ogʻaliqni otishga qaror qilgan. Hukm 1923-yil 19-sentyabrda Registon maydonida 5000 aholi ishtirokida amalga oshirilgan. “Buxoro axbori” gazetasida “Behbudiy va rafiqlarining oʻldirilishiga sabab boʻlgʻon fuqaro hukumatining moligʻa xiyonat qilgan mazkur Ogʻaliq 19-sentyabrda (1923-yil) odil hukumatimiz tomonidan otildi, demak, Behbudiy va rafiqlarining oʻchlari olindi”, deb xabar berilgan.

Buxoro hukumati Qarshi viloyati ijroqoʻmi raisi Joʻra Zokiriy hamda Qarshi viloyat firqoʻmi Nazarov zimmasiga Mahmudxoʻja Behbudiy qabrini qidirib topib, uning haykalini oʻrnatish vazifasini yuklagan. Lekin bu mutasaddi shaxslar oʻzlariga yuklangan vazifani uddalay olmaganlar. “Ozod Buxoro” gazetasining 1923-yil 19-oktyabrdagi sonida “Turkistonning mashhur jamoat xodimlaridan Behbudiyning ismini umrbod (abadiy) qoldirmoq uchun Buxoro Respublikasi qurultoyi Qarshi viloyatini Behbudiy viloyati deb ismlamakka qaror berdi”, deb xabar berilgan.

Qarshi viloyati 1937-yilga qadar Behbudiy viloyati deb atalgan boʻlib, shu yili boshlangan qatagʻonlar oqibatida viloyatdan alloma nomi olib tashlangan.