Is'hoqxon Ibrat
Is’hoqxon Ibrat (1862, To‘raqo‘rg‘on – 1937, Andijan) was a reformist scholar, writer, linguist, and educator of Turkestan. Born into a literate family, he studied in local madrasas, later traveling widely through Istanbul, Europe, Arabia, and India, collecting books and cultural artifacts, including a rare manuscript of Qutadg‘u bilig. In 1901 he published Lug‘ati sitta al-sina (“Six-Language Dictionary”) and in 1908 established the Matbaa Is’hoqiya printing press, producing primers and educational works for Jadid schools. He authored over 15 works, including Tarixi Farg‘ona, Tarixi madaniyat, and Mezon uz-zamon. A pioneer of modern education, he introduced new teaching methods and opened progressive schools. Arrested during Stalin’s purges in 1937, he died in prison under torture at age 75. His grave remains unknown, but his legacy was later honored with a memorial complex in To‘raqo‘rg‘on.
(1862 — 1937)
Bolaligi. 1862-yili Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Bobolari asli turkistonlik, Ahmad Yassaviy avlodlaridan hisoblangan. Otasi Junaydulla xo‘ja Sunnatilla xo‘ja o‘g‘li, onasi Hurbibi otin xat-savodli kishilar bo‘lib, maktabdorlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Ota-onasi qo‘lida savod chiqarib, keyin turli maktab va madrasalarda o‘qiydi. Otasining kasbi bog‘bonlik bo‘lgan, “Xodim” taxallusi bilan she’rlar yozgan. Bobosi Afsus taxallusi bilan tanilgan. Shoir Mulla Jamolxon Vasfiy (1862 – 1930) amakivachchasi bo‘lgan.
Ma’lumoti. Dastlab eski maktabda, so‘ngra onasining qo‘lida o‘qigan. Bu haqda o‘zining “Mezon uz-zamon” asarida shunday yozgan: “Avvalgi vaqtdagi mahalla maktabida 5 yilda 3 adad muallimda o‘qub, oxiri savodim chiqmay, keyin qizlar maktabida, o‘z uyimizda volidai marhumamdan o‘qub savod chiqardim. Ikki sana qiblagohimdan husnixat mashq etdim”.
1878-yili Qo‘qondagi Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga o‘qishga kirgan. Bu yerda Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Haziniy va Nodim kabi shoirlar ijodi bilan yaqindan tanishgan. Abu Nasr Forobiyning “Shoirlarning she’r yozish san’ati qonunlari haqida”, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Nodir hikoyatlar”, Abdurahmon Jomiyning “Silsilat az-zahhob”, Alisher Navoiyning “Nazmu al-javohir”, “Muhokamat al-lug‘atayn” va yana juda ko‘p Sharq olimlari asarlarini mustaqil o‘qigan. O‘zbek va rus tillarida nashr bo‘lgan “Turkestanskie vedomosti” hamda “Tarjimon” gazetasi talabalik yillari tanishgan.
Faoliyati. 1886-yili madrasada o‘qishni tugatib, o‘z qishlog‘i To‘raqo‘rg‘onga qaytib kelgan. Ishni To‘raqo‘rg‘onda yangi maktab ochib, dars berishdan boshlagan. Uning maktabi “usuli qadim” (“usuli tahajji”), ya’ni hijo usuliga asoslangan maktablardan birmuncha farq qilgan. Maktabiga nisbatan ilg‘or bo‘lgan tovush (savtiya) usulini tatbiq qilgan edi. O‘zgacha uslubdagi bu maktabni Namangandagi Rossiya imperiyasi amaldorlari tomonidan yopishga majbur qilingan.
1887-yili onasi Huribibini hajga olib boradi. Onasi Jidda shahrida o‘pka shamollashi kasalidan vafot etgan. Shaharidagi qabristonlardan biriga onasini dafn etib, o‘zi safarini davom ettirgan. Istambul, Sofiya, Afina, Rim, Berlin, Parij kabi Yevropa shaharlarida bo‘lgan. So‘ngra Makkaga qaytib kelib, bu yerdan Qizil va Arabiston dengizlari orqali Hindistonga kelgan. 1892 – 1896-yillari Bombeyda istiqomat qilgan. 1896-yili Hindistondan Koshg‘arga o‘tib, u yerdan To‘raqo‘rg‘onga qaytgan. U chet ellardan bir qancha noyob kitoblar, madaniyat ashyolari olib kelgan va ularni hamqishloqlariga namoyish qilgan. Ular orasida mashhur Yusuf xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari ham bo‘lgan. Bu noyob qo‘lyozma “Namangan nusxasi” deb e’tirof etilgan va Abdurauf Fitrat hamda Lutfulla Olimiy tomonidan XX yuzyillikning 30- yillarida Toshkent kutubxonasining Sharq bo‘limiga topshirilgan.
1898-yildan To‘raqo‘rg‘on xalq qozisi, Turkiston qozilar s’ezdining faol a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1901 yilda arab, fors, hind, turk, o‘zbek, va rus tillari asosida “Lug‘ati sitta al-sina”, ya’ni “Olti tilli lug‘at” asari chiqarilgan. U jadid maktablari uchun bir qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
1907-yili To‘raqo‘rg‘onda ochgan maktabi to‘g‘risida Ismoilbek G‘aspirali shunday yozgan: “Namangan uezdi To‘raqo‘rg‘on qasabasi Is’hoqxon to‘ra iyun oyida “Maktabi Is’hoqiya” ochdi. 50 nafar bola ta’limga olindi. Bu maktab usuli savtiyada bo‘lib, kunduzgi va kechki, kunduzi bolalar, kechki payt kattalar qiroatxonasi bor. Bu maktab viloyatdagi hamma maktablar uchun namuna”.
1908 yili Rossiyaning Peterburg va Moskva shaharlariga borib, o‘quv yurtlari, zamonaviy maktablar bilan tanishadi. Orenburgda Gafman degan matbaachidan pulini o‘n yil mobaynida to‘lash sharti bilan kreditga litografik mashina sotib olgan va uni butun anjomlari bilan Orenburgdan Qo‘qongacha poezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘ongacha tuyalarda olib kelgan.
1908-yilning dekabr oyida bir necha yildan beri bo‘sh yotgan hammom binosida bosmaxona tashkil qilgan va unga “Matbaa Is’hoqiya” nomini bergan. Bu ishda unga yaqin do‘stlari Husayn Makaev va Abdulrauf Shahidiylar katta yordam bergan. Ushbu matbaa ochilishini tabriklab, “Tarjimon” va “Vaqt” gazetalarida bir necha tabrik-maqolalari e’lon qilingan.
“Matbaai Is’hoqiya” o‘z faoliyatini savod chiqarishga oid darsliklar, risolalar nashr etishdan boshlagan: uning birinchi mahsuloti “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” asari Farg‘ona vodiysi usuli jadid va usuli qadim maktablarida “Alifbo” darsligi sifatida qo‘llangan. Shuningdek, u Rossiya shaharlaridan sinematografiya (kinoapparat), fotografiya, grammafon, sovutkich (muzlatgich) kabi maishiy ashyolar ham olib kelgan va o‘z hamqishloqlariga namoyish qilgan.
Ilmiy-adabiy merosi. “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”) (1901), “Fiqhiy Kaydoni tarjimasi” (1908), “Jome’ ul-xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) (1912), “Tarixi Farg‘ona” (1916), “Tarixi madaniyat” (1917), “Mezon uz-zamon” (“Zamon torozusi”) (1928), “Devoni Ibrat” kabi o‘n beshdan ortiq asarlar yozgan. “Tarixi madaniyat” asarining so‘nggi qismida Is’hoqxon Ibrat o‘z asarlarini ro‘yxatini keltirgan. Ular orasida hali topilmagan “Gulshani Roz turkiy”, “Tarjimai holim”, “Tarixi Hurriyat”, “Qo‘rboshilar zamoni”, “Mishkat ul-g‘aroyib”, “Muzabzab”, “Turkistonda turli mashaqqatlar”, “Barzah”, “Tazkirai Suvaydo”, “Sayri jibol” kabi asarlari ham sanab o‘tilgan. To‘liq bo‘lmagan “Ilmi Ibrat”, “Turli marsiya va fikriyot masalalari” kabi asarlari ham bor.
Oilasi. Abbosxon, Rotifxon va Vaqqosxon ismli o‘g‘illari bo‘lgan. 1919-yili sho‘ro harbiylari katta o‘g‘li Abbosxonni “bosmachilar odami” sifatida gumon qilib, kaltaklab o‘ldirgan.
O‘limi. 1918-yili kutubxonasi talon-taroj qilingan. 1937-yil 7-yanvarda qamoqqa olingan. U to‘plagan barcha kitoblari, qo‘lyozma va toshbosma asarlari 4 ta qopga solinib olib ketilgan. Uning qishlik uy-joyi, uy-ro‘zg‘or buyumlari kim oshdi savdosiga qo‘yib sotib yuborilgan, oilasi va bolalari 3 sotixdan iborat quruq yerga chiqarib qo‘yilgan. U Andijon turmasiga olib kelingach, sudi bo‘lmay, 75 yoshida, 2 oydan so‘ng qamoqning qiynoqlariga chidamay vafot etgan. Uning qabri qaerdaligi noma’lum. 2016-yil 2-noyabrda Shavkat Mirziyoev Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida uning hayoti va faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tgan. 2017-yil 13-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida atoqli ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror asosida majmuada uning haykali, milliy uslubdagi ayvon, bosmaxona, musiqali favvora, xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat, maktabgacha ta’lim muassasasi va tarixiy-ma’rifiy muzey tashkil etildi.