Ashurali Zohiriy
Ashurali Zohiriy (1885, Qo‘qon – 1938, Farg‘ona) was a prominent Jadid intellectual, teacher, journalist, and linguist. Educated at the Muhammad Alixon madrasa (1897–1914), he mastered several languages and joined the Jadid movement around 1910, contributing to educational reforms and opening new-method schools. He played a key role in founding Sadoyi Farg‘ona, El bayrog‘i, Yurt, and later Yangi Farg‘ona, promoting enlightenment and autonomy. As a linguist, he authored the first Uzbek Imlo (orthography) textbook (1916), co-wrote Turkiy xrestomatiya, and compiled a Russian–Uzbek dictionary (1925).
Zohiriy also taught at the first teacher-training courses in Fergana and took part in language congresses, including the 1926 Samarkand Latinization congress. Accused of nationalism and pan-Turkism, he was imprisoned in 1929, exiled to the Belomor canal, released in 1936, but rearrested in 1937 during Stalin’s purges. He was executed on December 28, 1937. After Uzbekistan’s independence, his name was rehabilitated, and institutions and memorials now honor his legacy as a reformer and cultural figure.
(1885 — 1938)
Bolaligi. Ashurali Zohiriy 1885-yili Qo‘qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Muhammadzohir o‘rtahol dehqon bo‘lib, halol mehnati bilan oila turmushini tebratgan. Onasi haqida ma’lumotlar mavjud emas. Akasi Hojiboy 1880-yili tug‘ilgan.
Ma’lumoti. Ashurali Zohiriyning dastlabki ta’limi qishloq maktabidan boshlangan. Maktab ta’limidan so‘ng Qo‘qon shahridagi “Muhammad Alixon” madrasasida 1897 – 1914-yillari tahsil olgan. U madrasada diniy bilmlar, tarix, mumtoz adabiyotni o‘qish, o‘rganish bilan birga o‘z davrining yangiliklaridan xabardor bo‘lib borgan. Ilmga bo‘lgan qiziqish, zehnining o‘tkirligi bilan madrasa tahsili davomida arab, fors, ozarboyjon, rus va tatar tillarini puxta egallagan.
Faoliyati. U 1910-yildan jadidchilik harakatiga qo‘shilgan. Jadidlarning islohotchilik ishlarida ishtirok eta boshlagan. Farg‘ona vodiysida vujudga kelgan jadidlarning “Taraqqiyparvarlar” jamiyatini tuzishda ishtirok etdi. Ushbu jamiyat Turkiston taraqqiyoti yo‘lida yoshlarning ta’lim-tarbiyasi va xalqning ma’naviy siyosiy bilimlarini oshirishga asosiy e’tiborini qaratgan. Farg‘ona jadid ziyolilari bilan birga yangi usul maktablari ochib muallimlik qildi. Turkiston jadidlari bilan aloqa bog‘lab islohotchilik harakatlarining muhim masalalari atrofida bir maqsad yo‘lida o‘z faoliyatini olib bordi.
U 1907 – 1917-yillar davomida Qo‘qon shahridagi 2-rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan.
Ashurali Zohiriy o‘z bilim va tajribalarini boyitish maqsadida Rossiya imperiyasidagi tatar musulmonlari yashaydigan Orenburg, Qozon, Ufa shaharlarida bo‘lgan. Ushbu safar orqali Ashurali Zohiriy Farg‘ona xonlarining tarixini yaratish hamda Turkiston tarixida Farg‘ona turkiylarini mavqeyini aniqlash va maktablarda o‘quvchilar uchun qulay ta’lim berish usullarini o‘rgangan. U 1912-yil safar yo‘ldoshi Yunusjon xoji Og‘aliev bilan birga tatar ma’rifatparvari Zaki Validiy To‘g‘on qishlog‘igacha boradilar. U bilan tanishadilar. Zaki Validiy Rossiya imperisining topshirig‘i bilan “arxeologiya jamiyati” a’zolari tarkibida Turkistonga kelib, 3 oy davomida Qo‘qonda bo‘ladi. Ana shu davrda u Ashurali Zohiriyning uyida yashaydi.
Ashurali Zohiriy 1912 – 1917-yillari “Oyim” qishlog‘idagi “Ipak-kredit tovarlari” jamiyatining vakili bo‘lib ish olib borgan. 1918 – 1919-yillar Qo‘qondagi kooperativ uyushma xodimi bo‘lib faoliyat yuritgan. Bu uning tadbirkorlik faoliyatini ham olib borganligidan dalolat beradi.
U muallimlik ishlari bilan birga milliy matbuotda ham o‘z faoliyatini olib borgan. Qo‘qonda jadid taraqqiyparvarlaridan bo‘lgan Obidjon Mahmudov muharrirligida 1914-yilning 3-aprelidan nashr etila boshlangan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida 1915-yilga qadar adabiy xodim vazifasida ishlagan.
Turkiston muxtoriyati tashkil etilishi davrida uning muhim ishlaridan biri tarixchi olim Bo‘lat Soliev bilan birga “El bayrog‘i” gazetasini tashkil qilgan. 1917-yil 8-sentabrdan chop etilgan ushbu gazetada o‘z davrning muhim voqealari yoritib borilgan. Gazetaning shiorida “Yashasun Turkiston muxtoriyati” so‘zlari bor bo‘lib, asosiy maqolalar muxtoriyatga oid masalalarga qaratilgan. Ushbu gazetada asosan muxtoriyatning g‘oyalari targ‘ib qilingan. Muxtoriyatga bag‘ishlangan Abdulhamd Cho‘lponning “Ozod turk bayrog‘i” she’ri ham ushbu gazetada nashr etilgan. Biroq gazetaning 20 ta sonigina nashrdan chiqib to‘xtatilgan.
Shuningdek, Ashurali Zohiriy Qo‘qonda 1917-yil 1-iyundan nashr etilgan “Yurt” jurnali noshir va muharriri ham bo‘lgan. Ushbu jurnal Turkiston muxtoriyatining g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Shiori ham shunga monand “Yashasun muxtoriyatli xalq jumhuriyati!” edi. Bu jurnal texnik jihatdan o‘z davridagi eng ko‘rkam jurnal hisoblangan. Shuningdek, u 1918 – 1919-yillari Qo‘qondan milliy ishlar komissari Ahmad Devishevning muharrirligida nashr etilgan “Xalq gazetasi”ning bo‘lim mudiri bo‘lib faoliyat olib borgan. U gazetada yangi imlo masalasini ilgari surib o‘zining tanqidiy fikrlarini bayon qilgan.
Sovet hokimiyatining mafkurasi kuchayib borayotgan yillarda uning jurnalistik faoliyati Farg‘onada nashr etilgan firqa qo‘mitaning 1921-yildan chiqa boshlangan “Mehnat bayrog‘i” gazetasida davom etdi. 1922 – 1923-yillari esa “Mehnat bayrog‘i” o‘rniga nashr etilgan “Farg‘ona” gazetasida texnik muharrir va boshqa vazifalarda faoliyat yuritdi. Ushbu gazeta 1923-yildan “Yangi Farg‘ona” nomi bilan chop etilgan. Ashurali Zohiriy gazetada 1923 – 1929-yillari adabiy xodim sifatida ish olib bordi.
U Qo‘qon shahrida 1917-yil sentabr oyida ochilgan birinchi dorilmuallimin – o‘qituvchilar tayyorlash kursining tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Ushbu dorilmuallimin negizida ochilgan Farg‘ona viloyat ta’lim-tarbiya texnikumida 1921 – 1922 hamda 1926-yillari o‘qituvchilik qildi.
O‘z davrining taniqli tilshunosi sifatida Tokentda 1921-yil yanvar oyida o‘tkazilgan “Til-imlo quriltoyi”, lotin alifbosini qabul qilishga bag‘ishlangan 1926-yil Samarqandda o‘tkazilgan anjumanda o‘z maruzalari bilan ishtirok etgan.
Ilmiy-adabiy merosi. Ashurali Zohiriy tarix, adabiyot, til sohalaridagi qator maqolalar, darslik va asarlar muallifidir. Xususan, u rus-tuzem maktabi o‘qituvchisi Serikboy Oqoev bilan hamkorlikda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” (Qo‘qon, Shumakov tipografiyasi, 1912) darsligini yaratdi. O‘zbek tilida birinchi bo‘lib “Imlo” darsligini yozdi. Bu kitob Qo‘qondagi “G‘ayrat” kutubxonasida nashrga tayyorlanib 1916-yili Qozonda nashr etildi. Abdurauf Fitrat “Sarf” kitobini so‘zboshisida o‘zbek adabiy tilining qonun-qoidalari, taraqqiyot yo‘nalishlari haqida to‘htalar ekan Ashurali Zohiriy va uning Imlo kitobiga urg‘u berib: “... Bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘qonlik Ashurali Zohiriy otdi. “Imlo” bitikchasini yozib chiqardi”, deb yozadi. Adabiyotshunos va xattot sifatida 1917-yili Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarini 1916-yili husnixatda ko‘chirib Qo‘qondagi Vayner matbaasida 1917-yili nashr ettirgan. Asarning kirish qismida muallif Alisher Navoiy haqida ma’lumot berib o‘tgan. Adib 1925-yili o‘zining ikki tomlik “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”ini chiqaradi. Ushbu asarda ruscha so‘zlar kirill alifbosida, o‘zbekcha so‘zlari esa arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvida ko‘rsatilgan. U Cho‘lpon bilan birgalikda 1926-yili “Adabiyot parchalari” darsligini tuzib nashr ettirdi. Mazkur darslikda mumtoz adabiyot namoyandalarining tarjimayi hollari, “Bobolar so‘zi” rukni ostida o‘zbek xalq maqollaridan misollar keltiradi. Talabalar uchun mo‘ljallangan bu darslik majmua ilk darslik qo‘llanmalardan edi.
Shuningdek, u “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “El bayrog‘i”, “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Yurt” jurnallarida maqolalar chop ettirgan.
Oilasi. Ashurali Zohiriyga oid so‘rog‘ qog‘oz (anketa)larida oilali, turmush o‘rtog‘i Malika, ikki o‘g‘il va bir qizi bo‘lganligi qayd etilgan. U oilasi bilan Qo‘qon shahar “Xo‘jand” ko‘chasi 478-uyda istiqomat qilgan. Qizi Mohira 1915-yili tug‘ilgan. O‘smirlik chog‘idayoq vafot etgan. O‘g‘illari Darxon 1926-yili tug‘ilgan. U Andijon viloyatida yashab aeroportda faoliyat ko‘rsatgan. Kichik o‘g‘li Najib esa 1928-yili tug‘ilgan. “Oyim” qishlog‘ida istiqomat qilgan. Tibbiyot sohasida xizmat qilgan. Ashurali Zohiriyning avlodlaridan Najib Ashuralievich Zohirovning qizi Maqsudaxon Qo‘qon shahar “G‘ishtli” mahalla fuqarolar yig‘ini “Xo‘jand” ko‘chasi 225-uyda istiqomat qiladi.
O‘limi. Ashurali Zohiriy “millatchilik”da ayblanib “Milliy ittihod” va “Botir gapchilar” tashkiloti a’zosi sifatida 1929-yil noyabrida hibsga olinib, Farg‘ona turmasida saqlangan. “Botir gapchilar” tashkiloti a’zosi sifatida 15 nafar farg‘onalik yoshlar aybdorlikka tortildi. Ularga dastlab otuv hukmi chiqarilgan. U 1931-yili otuv hukmi 10 yil jamloqqa surgun bilan almashtirilgan. Uni “Belomor” kanali qurilishiga surgun qilingan. 1936-yili ozod etilgach yurtiga qaytib muallimlik kasbi bilan mashg‘ul bo‘lgan. 1937-yil 5-sentabrda ikkinchi bor uni qamoqqa olinadi. Endi unga avvalgi ayblariga qo‘shimcha ravishda “panturkist”, “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi ayblarini qo‘yiladi. U O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66, 67-moddalari bilan ayblangan. 1937-yil 4-dekabrida IIXK qoshidagi “Uchlik” Ashurali Zohiriyga nisbatan otuv hukmini chiqargan. Ushbu hukm 1937-yilning 28-dekabrida ijro etilgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Ashurali Zohiriy nomi qayta tiklandi. Dastlab 1991-yil aprel oyida Qo‘qon pedagogika bilim yurtiga Ashurali Zohiriy nomi berildi. Bilim yurtining xovlisiga uning byusti o‘rnatildi. O‘zbekiston Respulikasining Prezidenti Sh. Mirziyoevning 2021-yil 28-sentabrda Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida so‘zlagan nutqida Ashurali Zohiriy nomini abadiylashtirish masalasini ilgari surildi. Bugungi kunda uning faoliyati, ilmiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilgan. Qo‘qon shahridagi “Qo‘qon buyuk allomalar muzeyi”da adibning saqlanayotgan asarlari tadqiq qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Muzey ko‘rgazma zaligi bir qator asarlaridan namunalar qo‘yilgan.