Abdurauf Fitrat


Abdurauf Fitrat was a leading figure of the Jadid movement in Uzbekistan. He was a writer, poet, and reformer who dedicated his life to education, culture, and the awakening of national identity. Fitrat believed that knowledge and enlightenment were the keys to freedom and progress.

(1886 — 1938)

Bolaligi. 1886-yili Buxoro shahrida savdogar Abdurahimboy oilasida tugʻilgan. Otasi savdo ishlari bilan Turkiya, Eron, Koshgʻarga tez-tez borib turgan. Onasining ismi Bibijon (toʻliq ismi Nastarin Bibi) boʻlib, taxminan 1866-yili tugʻilgan. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand – ukasi Abdurahmon va singlisi Mahbuba boʻlgan. Mahbuba sheʼrlar yozib turgan. Abdurahmon esa 1910-yillari Kogon bosmaxonasida harf teruvchi boʻlib ishlagan.

Maʼlumoti. Dastlab eski maktabda, soʻng Mir Arab madrasasida oʻqigan. “Tarbiyai atfol” jamiyatining moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashi bilan 1909 – 1913-yillari Istanbulda tahsil olgan.

Istanbul dorulfunida tahsil olayotgan Abdurauf Fitrat va uning safdoshlari Turkiyada oʻqiyotgan vatandosh oʻquvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham maʼnaviy yordam koʻrsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini koʻpaytirish va muntazamlashtirish maqsadida jamiyat tuzgan va uning Nizomnomasini ishlab chiqqan. Bu hujjat 1909-yili Istanbulning Vazirxon koʻchasida joylashgan “Matin” tipografiyasida nashr qilingan.

Fitrat Turkiyada chiqadigan “Hikmat”, “Taʼrufi muslimin”, Mehmet Akif muharrirligidagi “Sirot ul-mustaqim” (“Toʻgʻri yoʻl”) kabi gazeta va jurnallarini Buxoroga joʻnatib turgan.

Faoliyati. Buxoroga qaytgach, 1912 – 1916-yillari Buxoro, Qarshi shaharlarida jadid maktablari ochish va  muallimlik qilish bilan shugʻullangan Fitrat 1917-yildan Yosh buxoroliklar firqasining mafkurachisi va gʻoyaviy rahbarlaridan biriga aylangan. Biroq Buxoro amiri Olimxon tazyiqi oʻlaroq shu yilning aprel oyi oʻrtalarida jadidlar Buxorodan chiqib ketishga majbur boʻlganlar. Fitrat Samarqandga koʻchib borib, “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qilgan (1917 – 1918). Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, Fitrat shu yillari “Ittihodi taraqqiy” tashkiloti Eski Buxoro boʻlimining raisi ham boʻlgan.

1918-yil martda Turkiston xalq komissarlari kengashi raisi F. Kolesovning Buxoro amirligiga bosqini davrida Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev boshchiligidagi jadidlarning bosqinchilar tomonda turganidan gʻazablangan amir Olimxon ikkinchi bor ularni jismonan yoʻq qilishga kirishgan. Natijada jadidlar Toshkentga koʻchib oʻtganlar. Fitrat 1918 – 1919-yillari Xadradagi maktabda dars bergan. 1919 – 1920-yillari esa Afgʻonistonning Toshkentdagi elchixonasida tarjimonlik vazifasida rasmiy xizmatda boʻlgan.

Fitratning Toshkentdagi asosiy xizmatlaridan biri “Chigʻatoy gurungi”ni yoʻlga qoʻyganligidir. 1919 – 1921-yillari faoliyat koʻrsatgan ushbu madaniy-maʼrifiy va ilmiy-adabiy tuzilma turkiy xalqlar madaniyati, sanʼati, adabiyoti, tarixi, tili va imlosi kabi sohalarni jiddiy oʻrganishga kirishgan. Uning “Til va imlo toʻdasi”, “Adabiyot toʻdasi”, “Sanʼat va teatr toʻdasi” va boshqa boʻlimlari boʻlgan. “Til va imlo toʻdasi”ga dastlab Choʻlpon, soʻngra Elbek rahbarlik qilgan. “Chigʻatoy gurungi” faoliyatida Fitratdan tashqari Qayum Ramazon, Choʻlpon, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov, Mannon Uygʻur, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Shorasul Zunnun, Akmal Ikromov kabilar muhim oʻrin tutganlar.

“Chigʻatoy gurungi” tomonidan 1919-yili arab alifbosini isloh qilgan holda yangi alifbo yaratilgan. 1921-yil yanvarda Toshkentda bevosita “Chigʻatoy gurungi” tashkilotchiligida Til va imlo qurultoyi boʻlib oʻtgan.

“Chigʻatoy gurungi” milliy tarixni oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratib, ishni aholi qoʻlida saqlanayotgan nodir manbalarni yigʻishdan boshlagan. 1919-yili Turkiston ASSR va Turkiston oʻlkasi Musulmon byurosi “Milliy madaniy merosni toʻplash va oʻrganish haqida” Qaror qabul qilgan va bu ishni amalga oshirish uchun Abdurauf Fitrat, Nazir Toʻraqulov va Laziz Azizzodadan iborat hayʼat tuzilgan. Gurung aʼzolaridan Poʻlat Soliyev, Oʻktam va Abdurauf Fitrat Fargʻona vodiysi, Buxoro va Samarqandga ilmiy safarlar uyushtirib, Buxorodan Alisher Navoiyning “Tarixi muluki ajam” asari qoʻlyozmasi, Amir Temurdan boshlab, Zahriddin Muhammad Boburning nabirasi Akbarshohga qadar oʻtgan temuriylar suratlarini topib, Toshkentga olib kelganlar.

Fitratning Buxoro Respublikasida Maorif noziri boʻlib ishlagan davrida uning talabi asosida chop etilgan Sayyid Muhammad Nosirning “Tadqiqoti arki Buxoro” (“Buxoro arki tarixi”, 1921), Sadriddin Ayniyning “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” (1926) va  Poʻlat Soliyevning “Oʻrta Osiyo tarixi” (1926) kabi asarlar “Chigʻatoy gurungi” dasturi asosida rejalashtirilgan edi.

Milliy oʻzlikni anglash yoʻlida tuzilgan mazkur gurung faoliyati 1921-yil 10-yanvarda Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan toʻxtatilgan. Keyinchalik Fitrat va uning shogirdlari qamoqqa olingach, ularga qoʻyilgan eng katta ayblardan biri ushbu gurungda qatnashganliklari boʻlgan.

BXSR tashkil topgandan soʻng Fitrat Buxoroga kelgan va 1921-yili Maorif xalq noziri, 1922-yili Tashqi ishlar xalq noziri, Xalq xoʻjaligi kengashi raisi, Butun Buxoro markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq nozirlar shoʻrosi raisining oʻrinbosari va boshqa masʼul lavozimlarda xizmat qilgan.

1923-yil 12-iyunda “Buxoro masalasiga doir” qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun Buxoroga kelgan RKP(b) MK kotibi Ya.E. Rudzutakning talabi bilan Fitrat Maorif xalq noziri lavozimidan olib tashlanib, Buxorodan badargʻa qilingan. Abdurauf Fitratga mahalliy millatga aloqador boʻlganligidan tashqari, “maorif ishlari bilan shugʻullanish oʻrniga tosh yoʻl qurish bilan shugʻullanganlik”, mansabini suisteʼmol qilganlik, poraxoʻrlik” ayblari qoʻyilgan. Fitrat bilan birgalikda Otaulla Xoʻjayev, Sattor Xoʻjayev, Muinjon Aminov, Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Abdurahim Yusufzoda, Hoji Hamro Yoʻldoshev, Naim Yoqubzoda, Muxtorjon Saidjonov, Muzaxxar Maxsum (Muzaxxar Burxonov) kabi arboblar ham ishdan olingan.

Fitrat 1923 – 1926-yillari Moskvaga borib, Sharqshunoslik institutida faoliyat koʻrsatgan va 1926-yili unga professorlik unvoni berilgan. 1927 – 1937-yillari Samarqand va Toshkentda yashab, ilmiy faoliyat bilan shugʻullangan. 1931-yildan to qamoqqa olingan 1937-yilgacha Oʻzbekiston Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida boʻlim boshligʻi va professor lavozimida ishlagan.

Ilmiy-adabiy merosi. Ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki hamda oʻqituvchilik qilishdan tashqari, Fitrat samarali ilmiy-badiiy ijod bilan shugʻullangan, istiklol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼrlar va asarlar yozgan. “Yurt qaygʻusi” sheʼri va sochmalarida hurriyat uchun kurash gʻoyasini baralla kuylagan. Mazkur sochmalarda Turkistonni xoʻrlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiydani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlar ruhiga murojaat etdi, xalqni erk va hurriyat uchun kurash maydoniga daʼvat etgan. U shu yillarda “Mirrix yulduziga”, “Sharq”, “Shoir” singari sheʼrlarini yaratib, ularda Turkistonni mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuygʻusini ifodalagan.

Abdurauf Fitrat “Munozara”, “Hind sayyohi qissasi” kabi asarlarida Turkiston jamiyatidagi qoloqlik, ilm-fanga boʻlgan eʼtiborning susayishi, islom diniga kirib qolgan xurofotlarni keskin tanqid qilgan.

Fitrat 1916-yildan boshlab yaratgan “Begijon”, “Qon”, “Abu Muslim”, “Temur sagʻanasi”, “Oʻgʻuzxon” kabi dramalarida tarixga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan gʻayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zoʻravonlikka asoslangan “yangi tuzum”ni keskin qoralagan. Mutafakkir bolsheviklar tuzumiga qarshi istiqlol uchun kurash gʻoyasini “Chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) asarlarida yorqin ifodalagan. U Turkistonda sovet hokimiyati yillarida sodir boʻlayotgan fojiali voqealarni Angliyaning mustamlakasi boʻlgan Hindistonga koʻchirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind ixtilochi (istiqlolchi)lari siymosida, maʼlum maʼnoda, oʻz vatandoshlari timsolini yaratdi.

Fitrat 1914 – 1916-yillari “Rahbari najot” (“Najot yoʻli”), “Oila” va “Mavludi sharif yoki Murʼoti xayr ulbashar”, 1917 – 1920-yillari “Oʻquv”, “Sharq siyosati” va “Yigʻla, Islom”, 1925-yili esa “Muxtasar islom tarixi” asarlarini yaratgan. Fitrat bu asarlar orqali jamiyatda roʻy berayotgan siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabat bildirib, islom olami uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib bergan.

Fors tilida yozilgan “Rahbari najot” asarida tafsir, hadis, fiqh, kalom, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar toʻgʻrisida aniq tasavvur bergan. “Oila” kitobida esa oilaning muqaddas ekanligini asoslab berib, jamiyat va inson hayotidagi oʻrnini oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalarini taqdim etgan.

Fitrat oʻzbek tilining grammatikasini oʻrganish ishini boshlab bergan. U 1918 yili Q. Ramazon va Sh. Rahimiy bilan hamkorlikda “Ona tili” darsligini, shuningdek, “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Sarf” (1925), “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Nahv” (1926) darsliklarini yaratgan va bu darsliklar 1930 yilga qadar bir necha marta nashr etilgan. Olim oʻzbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bagʻishlangan bu asarlari bilan oʻzbek tili grammatikasini ilmiy asosda oʻrganish ishiga tamal toshini qoʻygan. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning XX yuzyillikning 20-yillari qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-madaniy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun oʻzbek tilining lugʻati jamgʻarmasiga yangi soʻzlar va atamalarni olib kirganligidadir.

Olim “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927), “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan soʻnggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini toʻplab, muayyan tizimga solgan. Abdurauf Fitrat 1069-yili Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan “Qutadgʻu bilig” asarining milliy ziyolilar tomonidan topilgan 3 ta nusxasining hammasini oʻrganib, kitobning uchinchi nusxasi haqida 1925-yili “Qutadgʻu bilig” nomli maqolasini yozgan va kitobning tarixan, til jihatdan juda muhim ekanligini aytib, “...bor nusxalari bilan solishtirib, buning kamchiliklarini toʻldirmoq, uzilgʻan tartibini tuzatmak, onglashilmayturgʻan soʻzlarini izoh qilib, oz bir miqdorda bostirmoq” xayrli vazifalardan ekanligini taʼkidlagan.

Oʻzbek adabiyoti yirik namoyandalari ijodini ilk bor oʻrganib, “Bedil” (1923), “Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni toʻgʻrisida”, “Ahmad Yassaviy” (1927), “Yassaviy maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshirishlar”, “Hibbat ul-haqoyiq”, “Oʻzbek shoiri Turdi” (1928), “XVI asrdan soʻngra oʻzbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Muhammad Solih”, “Fors shoiri Umar Xayyom” (1929), “Mashrab”, “Farhodu Shirin” dostoni toʻgʻrisida” (1930) kabi katta ilmiy qiymatga ega asarlar yozgan. “Sheʼr va shoirlik” (1919),  “Adabiyot qoidalari” (1926), “Aruz haqida” (1936) asarlari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos solgan.

Qomusiy ilm egasi Fitrat sharqshunoslik sohasida ham tadqiqot olib borib, 1921-yili Poʻlat Soliyev va B. Sergeev bilan birgalikda amirga tegishli nodir qoʻlyozmalar, vaqf hujjatlarini yigʻish, ularga tartib va tavsif berishda ishtirok etgan. B. Sergeev bilan birgalikda V. Vyatkin arxivida saqlanayotgan qozilarga oid hujjatlarni oʻrganib, rus tilida “Kaziyskiye dokumentы XVI veka” (1937) kitobini nashr ettirgan. Tarixchi sifatida Buxoroning soʻnggi amiri haqida “Amir Olimxonning hukmronlik davri” (1930) asarini yozgan.

Fitrat musiqa sohasi bilimdoni sifatida 1921-yili Buxoro shahrida Sharq musiqa maktabini ochib, bu sohaga qiziquvchi, isteʼdodli oʻgʻil va qiz bolalarga alohida sinf xonalarida musiqadan taʼlim bergan. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari hamda V. Uspenskiy singari musiqashunos olimlarni taklif etgan. Shu vaqtdan boshlab “Shashmaqom” kuylarini toʻplash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qilgan. Fitrat tashabbusi bilan V. Uspenskiy tomonidan Ota Jalol va Ota Gʻiyosiddin kuylagan Buxoro shashmaqomi ilk bor notaga solinib, nashr etilgan.  Fitrat “Shashmaqom”, “Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida” maqolalari va “Oʻzbek klassik musiqasi ham uning tarixi” (1927) risolasi bilan XX yuzyillik oʻzbek musiqashunoslik fanini boshlab bergan.

Oilasi: Abdurauf Fitratning birinchi turmush oʻrtogʻi Mutal Burxonovning ammasi Fotimaxon Burxonova boʻlgan. Ayrim sabablarga koʻra, u bilan ajrashib Hikmatoy Fitratovaga uylangan va oʻgay qizi Sevaraxon Fitratovalar bilan yashagan.

Oʻlimi: 1937-yil 24-aprel kuni qamoqqa olingan va salkam bir yarim yilga choʻzilgan tergov va qiynoqlardan soʻng Fitrat “aksilinqilobiy millatchilik jadidchilikning asoschilaridan, rahbarlaridan biri”, “sovet hokimiyatining birinchi kunlaridan tortib, soʻnggi kunlargacha partiya va sovet hukumatiga qarshi millatchi panturkchi aksilinqilobiy harakatni faol uyushtirib kelgan” kishi sifatida, shuningdek, Fayzulla Xoʻjayev koʻrsatmasiga suyanib, sovet hukumatini kuch bilan agʻdarib tashlash maqsadida Angliyaning Afgʻoniston va Erondagi vakillari bilan yashirin harbiy-siyosiy shartnomalar tuzganlik, bosmachilikni tashkil qilganlik, Turkiyadan Anvar Poshoni boshlab kelganlik, fashistlar Germaniyasining josuslik tashkilotlari, chet ellarga ketgan muhojirlar bilan aloqa oʻrnatganlikda ayblangan.

SSSR Oliy sudi harbiy hayʼati Fitrat “ishi”ni 1938-yil 4-oktyabrda koʻchma sessiyada koʻrib chiqqan va u shu kuniyoq Toshkent atrofida otib tashlangan. Sud qarori 1938-yil 5-oktyabrda rasmiylashtirilgan.