Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy (1894–1938)was a pioneering Uzbek novelist, playwright, and publicist, considered the founder of the Uzbek novel. He was born in Tashkent to a gardener’s family, studied at maktabs, a Russo-native school, and later at a madrasa, before continuing his education in Moscow (1924–1925). Qodiriy worked for Soviet newspapersIshtirokiyun,Qizil Bayroq, and co-founded the satirical magazineMushtum. His works include the playThe Unfortunate Groom(1915), the novelsBygone Days(1926),Scorpion from the Altar(1928), and the novellaObid Ketmon(1934). Arrested during Stalin’s purges, he was executed in 1938. Posthumously rehabilitated, he remains a national classic.

(1894 — 1938)

Bolaligi. Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda Toshkentda bog‘bon oilasida tug‘ilgan.

Otasi Qodirmuhammad “Eski Jo‘va” mahallasi Ho‘ja ko‘chasida yashovchi Hojimuhammad boboning 1822-yili tug‘ilgan ikkinchi o‘g‘li edi. Hojimuhammadning Toshmuhammad hamda Hayriniso ismli o‘g‘il va qizi ham bo‘lgan.

Qodirmuhammad baquvvat, serg‘ayrat, shijoatli va dunyo ko‘rgan kishi bo‘lib, yigitlik chog‘larida xon va beklar qo‘lida sarboz bo‘lgan. U Eski Jo‘va bozorida baqqollik do‘koni ochib, ipak, idish-tovoq, choy kabi mollar bilan savdo qilgan. Tijorat vaji bilan uzoq shahar-mamlakatlarga safar qilgan. Qodirmuhammad 1870-yilgacha savdoda, keyin  Samarqand darvoza “Eshonguzar” mahallasidan еr olib bog‘bonlik bilan shug‘ullangan. To‘rt martta uylangan. Bunga farzandsizlik vaji sabab bo‘lgan. U to‘rtinchi bor 50 yoshlar atrofida  15-16 yashar Josiyat bibiga uylangan. Ular 1879-yili o‘g‘il ko‘rib Rahimberdi deb ism qo‘yganlar. Ammo undan keyingi tug‘ilgan o‘n ikki farzand  sababsiz nobud bo‘lgan. Bu holdan irm qilgan Qodirmuhammad oilasi Eski Jo‘vadagi xovlisini sotib Samarqand darvoza “Eshonguzar” mahallasidagi еriga ko‘chib o‘tadi va o‘sha еrda yashay boshlaydilar. Mana shu maskanda Abdulla Qodiriy dunyoga kelgan. Undan so‘ng 1897-yili Qodiriyning ukasi Qudratilla tug‘ilgan. Qodirmuhammad uzoq umr ko‘rib 1924-yil 5-aprelda 103 yoshda vafot etgan.

Akasi Rahimberdi Robiya ismli qiz bilan oila qurib, duradgorlik kasbi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Abdulla Qodiriy akasidan toqi yo‘nishni o‘rgangan. U 1963-yili vafot etgan. Ukasi Qudratilla 1897-yili tug‘ilgan. Abdulla Qodiriy yoshligida bolalarcha sho‘h bo‘lgan. Uning bolaligi “Eshonguzar” mahallasida o‘tgan.

Ma’lumoti. Qodirmuhammadning ilmi bo‘lmasa-da farzandlarining ta’lim olishiga katta e’tibor bergan. U: “O‘zimni xatim yo‘q-da bo‘lmasa hammangni barmog‘imda o‘ynatardim”, degan so‘zlarni ko‘p takrorlagan. Bog‘da mehnatning ko‘pligiga qaramay o‘g‘li Abdullani maktabga bergan. Akasi Rahimberdining esa o‘qishga unchalar qiziqishi bo‘lmagan. Abdulla Qodiriy dastlab 1904 – 1906-yillari maktabda ta’lim olgan. Dastlabki savodini “Zangi ota” mahallasidagi mulla Olim va mulla Ziyo domlalardan olgan. Qodirmuhammadning uch o‘g‘li ham shu domlalar qo‘lida o‘qigan. Qodiriy ushbu muallimlardan tashqari “Mirlar” mahallasidagi Yusufxon domla va Chorsuga yaqin joyda joylashgan mulla G‘ulom ismli muallimlardan ta’lim olgan.  So‘ng 1908 – 1912-yillari Abdulla Qodiriy rus-tuzem maktabida o‘qigan. Bu maktab “Samarqand darvoza” mahallasidagi Akrom savdogarning tashqi hovlisida joylashgan bo‘lib, “7-son russko-tuzemnaya shkola” deb atalgan. U Toshkent shahridagi “Abulqosim shayx” madrasasida 1916 – 1917-yillari arab va fors tillaridan tahsil olib sarf va nahvni yaxshi o‘rgangan. Ta’lim bilan birga jadidchilik harakati namoyandalariga fikrdosh bo‘lib, milliy matbuotda o‘z ijodi namunalarini nashr etgan. Ilmini oshirish va jahon adabiyoti bilan tanishish uchun 1924 – 1925-yillari Toshkent Vaqf sho‘basining ko‘magida Moskvadagi Valeriy Bryusov nomi bilan ochilgan adabiyot institutida o‘qigan.

Faoliyati. Oiladagi iqtisodiy еtishmovchilik bois Abdulla Qodiriy 12 yoshidan bir boyning xizmatiga kirib ishlaydi. Rus-tuzem maktabini tamomlagach bir muddat ishsiz yurgan. U 17 – 18 yoshlarida Chorsu bozorida savdo bilan shug‘ullanuvchi Rasul Muhammadboyga prikazchilikka yollanib, uch-to‘rt yil ishlagan. Prikazchilikda 1915-yilga qadar ishlagandan so‘ng, savdogarning ishi orqaga ketib uyga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu vaqtda u akasi bilan toqichilik qilib, kunbay ishlarda hamda uyida bog‘bonlik bilan shug‘ullangan.

Rossiyada imperiya tuzumi tugatilib, 1917-yil fevral va oktyabr voqealaridan keyin uning hayotida ham, ijodida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hukumatga ishga kirib Toshkent eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi (1918), “Oziq ishlari” gazetasining muharriri (1919), Kasabalar sho‘rosining sarkotibi (1920) va boshqa sovet idoralarida ishladi. “Ishtirokiyun” va “Qizil bayroq” gazetalarida adabiy xodim bo‘lib faoliyat yuritdi. "Mushtum" jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi (1923 – 1926) bo‘lib, ushbu jurnal va gazetalarda o‘z maqolalarini nashr ettirgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913 – 1914-yillari boshlandi. U shu yillari barcha ilg‘or fikrli yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qo‘shilgan va o‘zining ilk asarlarida ma’rifat, millat taraqqiyoti va hurligi g‘oyalarini targ‘ib eta boshlagan. Qodiriy dastlab ma’rifiy she’rlar yozdi. 1914-yili “Ahvolimiz”, “Millatimiz”, “To‘y” kabi she’rlari jadid matbuotida e’lon qilingan. 1915-yili u Behbudiyning “Padarkush” fojiasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” pesasini yozadi. So‘ng o‘zi “milliy ro‘mon” deb atagan “Juvonboz” hikoyasini yaratgan. Bu asarlar ham avvalo ma’rifatparvarlik qarashlari mahsuli bo‘lib, jamiyatdagi illatlar va qoloq urf-odatlarni keskin tanqid qilishga yo‘naltirilgan. Abdulla Qodiriy –– Alimov, Julqunboy, Shoshiy, Boyqush, Dumbulboy, Dumbulboy jiyani, Dumbuldevona, Dumbulnisa, Dumbulboy o‘g‘li, J-boy, Jarqinboy, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Indamas So‘fi, Yo‘lovchi, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum shoshiy, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Lakalang mahzum, Mavlonkufr, Mulla Julqunboy, Mushtum, Ovsar, Saniyxudo, Chindo‘st, Chirmandabotir, Chi chora, Shapaloqmahzum, Shilg‘ay, A.Q, U-boy kabi o‘ttizdan ortiq taxalluslar bilan ijod qilgan. 1919 – 1920-yillari “O‘tgan kunlar” romanini yozib tugallab, 1926-yili to‘la nashrini e’lon qilgan. 1928-yili yozuvchi “Mehrobdan chayon” romanini e’lon qildi. 1934-yili esa “Obid ketmon” qissasini yozgan.

Uning ko‘plab she’r, maqola va hikoyalari “Sadoyi Turkiston”,  “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalari, “Oyna”, “Inqilob”, “Mushtum” jurnallarida nashr etilgan.

Tarjimonlik sohasida 1925-yili tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning “Fizika”, 1935-yili N.V. Gogolning “Uylanish”, 1936-yili A.P. Chexovning “Olchazor” asarlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan.

Oilasi. Abdulla Qodiriy 1914-yil Rahbarnisa Rasul Muhammadboy qiziga uylanadi. Ulardan Nazifa (1916), Habibulla (1918), Adiba (1924), Mas’ud (1926) hamda Anisa (1928) ismli farzandlar dunyoga keladi. Abdulla Qodiriyning ayoli Rahbarnisa 1943-yil 6-martda vafot etgan.

Qizi Nazifa Eski Jo‘va “Tinchob” mahallasida yashovchi Muhammad Aminbek ismli kishi bilan turmush qurgan. Ularning Farzona ismli qizlari bo‘lgan.

O‘g‘li Habibulla 1919-yili tug‘ilgan. 1945-yil 29-mayda qamoqqa olinib 10 yil muddatga hukm qilingan. U 1955-yili qamoqdan chiqqan. So‘ng o‘qishini tiklab 1962-yili Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shifokor bo‘lib xizmat qilgan. U adabiy faoliyatini 1958-yildan boshlagan. Habibulla Qodiriyning “Nilufar” hikoyalar to‘plami (1964), “Afrikaga sayohat” (1966), “Yaman-Misr taassurotlari” (1967) safar ocherklari, “Otam haqida”  xotira kitobi (1974), “Qora arab” hikoyalar to‘plami (1978) chop etilgan. U 1987-yili vafot etgan.

Ikkinchi o‘g‘li Mas’ud Abdullaev ham Toshkent davlat tibbiyot institutida o‘qigan. Shifokor bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Mustaqilligini ko‘rib 1996-yili vafot etgan.

Qodirmuhammad otadan Abdulla Qodiriyga qolgan Samarqand darvozadagi hovli bog‘ shiyponi 1945-yili “Arpapoya” ko‘chasidagi 1-sonli bolalar uyi tasarrufiga o‘tkazilgan. 1949-yili esa yilqichilik arteliga berilgan. Hovli bog‘ shiyponi 1958-yildagina Abdulla Qodiriy avlodlariga qaytarilgan. Bugungi kunda Habibulla Qodiriyning katta o‘g‘li Hondamir Qodiriy (1957-yil tug‘ilgan) tomonida ushbu uy hovli va muzey faoliyati olib borilmoqda.

Olimi: Abdulla Qodiriy 1926-yili “Mushtum”da bosilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi tufayli qisqa muddat qamalgan. Uni “O‘rta Osiyo “Davlat siyosiy boshqarmasi” (DSB)ning xodimi Kurmanov tomonidan 1926-yil 8-martda hibsga olingan. Abdulla Qodiriyning uyida 1926-yil 8-martdagi DSBning 32-orderiga asosan tintuv o‘tkazilib, unda Shotursun Shosaidov, Muhamedov, Teregulov hamda Abdulla Qodiriyning o‘zi ishtirok etgan.

BDSBga olib ketish uchun Abdulla Qodiriy uyidan quyidagi hujjatlar musodara qilindi:

o‘zbek tilidagi har xil yozishmalar bir yuz qirq ikki (142) varag‘, Uch kitob: Baxtsiz kuyov, Juvonboz, Abdulla Qodiriyning o‘zbek tilidagi asarlari, Yusuf Oqchurinning turk tilidagi “Evropada ijtimoiy-siyosiy qarashlar” asari.

Shundan so‘ng tergov organlari ish boshladi. Sud organlari tomonidan Abdulla Qodiriy shaxsi sinchiklab o‘rganila bordi. Qamoqqa olinganiga qaramay tergovga chaqirilmay qamoqxonada yotadi. Shu bois Abdulla Qodiriy 1926-yilning 22-martida DSB komendantiga ariza bilan murojaat qiladi. Unda: “Shu yilning 8-martida hibsga olindim va hanuzgacha nazorat ostida qamoqda saqlanib kelinmoqdaman. Haligacha so‘roqqa chaqirilganim yo‘q. Umuman, ne gunohlarim uchun ayblanayotganligim men uchun qorong‘u. Zarracha bo‘lsa-da, o‘zimni qora sezayotganim yo‘q, shunday bo‘lsada, mening ishim kimda ekanligini aniqlab, zudlik bilan tergovga chaqirishlaringizni so‘rayman. Aks holda, o‘zimni qurbon qilsam-da, 24-martdan boshlab ochlik e’lon qilaman”, deb yozgan.

Qodiriyning arizasi inobatga olinib, so‘roqqa chaqiriladi. Tergovda u o‘zi haqidagi bor haqiqatni aytadi. So‘rov 1926-yilning 24-martida DSBning maxsus bo‘limi vakili Agidullin tomonidan olib borilgan. Qodiriyga tergov jarayonidan anglashila boradiki, unga qarshi qo‘zg‘alayotgan aybnomaga asos bo‘lgan ashyoviy dalil “Mushtum” jurnalida e’lon qilingan “Yig‘indi gaplar” maqolasi edi. Ish shu tariqa jiddiy tus ola borgan. Tergovchilar har bir mayda “material”larigacha ahamiyat berib sinchkovlik bilan aybnomalarni to‘ldirib borib, ishga doir hujjatlar kundan-kun ko‘payib borgan.

Dastlab uning aybnomasiga “Abdulla Qodirov “Mushtum” jurnalining muharrir yordamchisi lavozimida ishlagan paytda, o‘z vazifasidan foydalangani holda muharrirning qat’iy taqiqiga qaramay jurnalning 27-sonida “Yig‘indi gaplar” maqolasini bostirgan. Mohiyati jihatidan mazkur maqola ochiqdan-ochiq O‘zbekiston hukumati va Kompartiyasining rahbarlarini obro‘sizlantirish hamda shu bilan birga Kommunistik partiyaning muhim tadbirlarini tanqid qilish va masxara qilish ruhi bilan yozilgan. Muallif shubhasiz bu maqolani aksilinqilobiy maqsadlarda foydalanish uchun keng yoyishga uringan” deb yoziladi.

Ushbu qo‘yilgan ayb uchun O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 72- va 105-moddasining 1-bandiga bo‘yicha ish ko‘riladi. Bu protokolni DSBning tergovchilari Agidullin va Belskiylar tomonidan tuzilgan edi. Abdulla Qodiriyga ushbu aybnoma 1926-yilning 24-martida tanishtirilgan. Ammo Abdulla Qodiriy qo‘yilgan ayblarga javoban “O‘zimni aybdor deb tan olmayman” deya imzo chekkan.

Qodiriy ishi ustidan qo‘shimcha dalillar to‘planib 1926-yil 3-aprelda O‘zSSR Jinoyat kodeksining 116-moddasiga binoan 128, 129, 142-moddalarga amal qilingan holda ishi ko‘rib chiqish ko‘zda tutiladi. Bu gal ham Qodiriy aybdor emasligini bildirgan holda aybnomaga imzo chekib bergan.

O‘zbekiston Davlat prokurori Nazarovning buyrug‘iga binoan mahbus Abdulla Qodiriy 8-iyunda soqchi nazorati ostida Samarqandga yuborilgan. Nihoyat, ham ruhan, ham jisman horigan adibni tergov qilish tugay boradi. Sabr kosasi to‘lgan Qodiriy o‘ziga qo‘yilgan aybnomalarni bo‘yniga olar ekan, bu holni shaxsiy adovatdan boshqa narsa emasligini bildiradi.

Abdulla Qodiriyning 1926-yil 8-martda qamoqqa olinishi bilan bog‘liq sud ishining yakuni uch kun (15-17-iyun) davom etadi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi maxsus majlis chaqirib Markaziy Ijroiya qo‘mitasining Samarqand shahrida 1926-yil 17-iyundagi yig‘ilishida rayosat a’zolari Oxunboboev, Bikson, G‘oziyev, Volik, Ikromov, Ivanov, Qosimxo‘jayev, Rahimiy, Mavlonbekov, Strogonov, Cheloguzov ishtirok etadi. Shu bilan birga, muassasalardan: Oliy sud Qosimov, rais: Qosimxo‘jayev, kotib: Rahimiy qatnashdilar.

Unda “O‘zbekiston SSR Oliy sudi 1926-yil 15-16-iyunda sud qilinib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdulla Qodiriyning qamoq muddatini o‘tamasdan ozod qilib yuborilishini so‘raydi” deb qaror qilinadi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston SSR Oliy sudining iltimosi qondirilib, Ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Abdulla Qodiriy qamoq muddatini o‘tamasdan ozod qilinadi. Oliy sud raisi Qodiriyni qamoqdan ozod qilish haqida buyruq tayyorlaydi. O‘zSSR Oliy sudi, sud kollegiyasining 1926-yil 17-iyundagi 1895-raqamli shoshilinch buyrug‘i chiqarilgan.

O‘zSSR MIK Prezidiumi avfi bilan 1926-yilning 16-iyunida sudlangan mahbus Abdulla Qodiriy 17-iyun soat 15.00 da ozod etilgan.

Abdulla Qodiriy ikkinchi bor 1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, 1938-yil 4-oktabrda Toshkent shahrida otib tashlangan. Uning asarlari ham qatag‘onidan keyin qattiq ta’qibga olindi. “Obid ketmon” qissasi bolshevik mafkurachilariga ma’qul kelmay tanqidga uchraydi. Asar “g‘oyaviy buzuqliklar va xatolar”ga to‘la, “siyosiy tuturuqsiz” asar sifatida baholangan. Yozuvchining tarixiy romanlari esa asosiy ma’nosi - millat taqdiri, birligi, el-yurt qayg‘usi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar bo‘lib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangan bu romanlar sovet davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida keskin qoralandi. Hattoki uning asarlarini o‘qigan kishilar ham qatag‘on etildi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Abdulla Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Toshkent madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog‘iga, katta ko‘chalardan biriga, respublikamizdagi ko‘plab madaniyat muassasalarga uning nomi berilgan. “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1973, 1996) va ko‘p seriyali telefilmlar yaratilgan. Adib sharafiga 2018-yili Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyi ochilgan.