Abdulla Avloniy
Abdulla Avloniy (1878, Tashkent – 1934) was a prominent educator, poet, playwright, journalist, and public figure of the Jadid movement. Coming from a modest family, he studied in traditional schools while also working as a laborer. In 1904, he opened a usuli jadid school in Mirobod and soon became active in publishing, founding newspapers like Shuhrat, Osiyo, Turon, and contributing to Sadoyi Turkiston. He was a co-founder of the Turon society and its theatre, promoting cultural revival. Avloniy wrote influential textbooks such as Birinchi muallim, Ikkinchi muallim, and Turkiy Guliston yoxud axloq. He also created dramas and translated plays, fostering modern Uzbek literature and theatre. After 1917, he joined the Communist Party, held various official positions, and continued teaching at higher institutions. His literary legacy included poetry, satire, and educational works. Avloniy died on August 25, 1934.
(1878 — 1934)
Bolaligi. 1878-yil 12-iyulda Toshkentdagi “Mergancha” mahallasida tug‘ilgan. Bobosi Mirne’matboy asli qo‘qonlik o‘qchi-yoychilardan edi.
Ma’lumoti. 7 yoshdan O‘qchidagi eski maktabda Akramxon domlada savod chiqardi. 1890-yili shu mahalladagi madrasaga o‘tdi. So‘ng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxundda o‘qidi. 1891 yildan boshlab, faqat qish kunlarida o‘qib, boshqa fasllarda mardikor ishlagan. Binokorlikni o‘rgangan, g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik ishlari bilan shug‘ullangan.
Faoliyati. 1904-yili Mirobodda usuli jadid maktabi ochadi. 1907-yili o‘z hovlisida “Shuhrat” gazetasini chiqara boshlaydi. 10-soni chiqib bekilib, redaksiya asbob-ashyolari, qog‘ozlar va materiallar hammasi musodara qilingan. Shundan keyin u Bektemirov nomiga ruxsat olib “Osiyo” gazetasini chiqara boshladi. Nashriyot Avloniyning uyida (Sapyornaya, 26) joylashgan edi.
1914 – 1915-yillari advokat Ubaydulla Xo‘jaev bilan “Sadoyi Turkiston” gazetasida hamkorlik qiladi. Gazetadagi she’r va maqolalarning ko‘pi u Avloniy tomonidan yozilgan. “Sadoyi Turkiston”ning 66-soni chiqib, moddiy ahvolning yomonligidan yopilgan.
1904 – 1905-yillari ham ijodiy, ham amaliy ish bilan qizg‘in shug‘ullandi. 1909-yili “Jamiyati xayriya”ni ochdi va bolalarning o‘qib bilim olishi uchun pul yig‘ib, maktablarga tarqatadi. Bu haqda hatto Orenburgdagi “Vaqt” gazetasi yozib chiqdi.
1913-yilning oxirida toshkentlik mashhur jadidlarning tashabbusi bilan “Turon” jamiyati maydonga keldi. U ham ta’sischilaridan biri edi. Jamiyat qoshida teatr truppasi tuziladi. Truppa sahnalashtirgan birinchi asar Behbudiyning “Padarkush” dramasi bo‘ldi. Teatr ishida taniqli tatar rejissyori Zaki Boyazidskiy, mashhur ozarboyjon san’atkori Sidqiy Ruhillo bilan hamkorlik qiladi. Spektakllarini Zaki Boyazidskiy sahnaga qo‘ygan. Sidqiy Ruhillo esa 1916-yili Avloniyning taklifi bilan Toshkentga keladi va “Layli va Majnun” spektaklini qo‘yadi. Majnun rolini Sidqiy Ruhilloning o‘zi o‘ynaydi.
1914-yilning 26-dekabrida “Turkiston” nomi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safarga chiqdi, bir qator shaharlarda gastrolda bo‘ldi. Qo‘qon (1915-yil 7-yanvar), Namangan (21 – 24-yanvar), O‘sh (29 -yanvar)da spektakllar qo‘ygan.
1915-yili mahalla xalqi domlamiz “teatrchi bo‘ldi”, “masxaraboz bo‘ldi”, deb uni maktabdan quvib, Mirobod mahallasidagi boshlang‘ich maktabni yopgan, hukumatdan ham tazyiqlar bo‘lib turgan. Shularga qaramay u “Nashriyot”, “Maktab” kabi shirkatlar tuzishda bosh-qosh bo‘lgan. Maqsadi Turkiston yoshlarin siyosiy jihatdan birlashtirish va inqilobga tayyorlash bo‘lgan. Ushbu jamiyatlarning ishtirokchilari Munavvarqori, Tavallo, Nizomiddin Xo‘jaev, Ubaydullo Xo‘ja, aka-uka Saidazimboevlar Turkistonning mashhur kishilari edi.
1917-yil fevral voqealaridan keyin “Yashasin xalq jumhuriyati!” shiori ostida “Turon” gazetasini chiqardi. Gazeta o‘z maqsadini “Musulmonlar orasida ko‘p yillardan beri davom o‘lan umumg‘a zo‘rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo‘ladurg‘on jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq”, deb e’lon qildi. 2-sonida Mirmuhsinning bir maqolasi atrofida janjal chiqadi. Muharrirni vazifasidan chetlatadilar, ulamolar matbaa egalarining uylariga vakillar yuborib, “agarda siz Avloniy gazetasin matbaangizga bossangiz, o‘lsangiz, sizga janoza o‘qutmasmiz”, deb qo‘rqitib, gazetani yakkalab qo‘yadilar. Avloniy Tiflisdagi “Mulla Nasriddin” matbaasidan harf va harf teruvchi olib keladi. Lekin gazetani bosishga yo‘l berilmaydi va u gazetadan ketishga majbur bo‘ladi.
1917-yili Toshkentda “O‘qituvchilar soyuzi” va boshqa bir necha rabochыy soyuzlar tashkil qiladi. Maktab ishi, xalq orasida ma’rifat tarqatish Avloniyning 1917-yilgacha bo‘lgan faoliyatining bosh yo‘nalishini tashkil qildi. U bu yo‘lda katta fidoyilik ko‘rsatdi. Shoirning Mirobodda katta qiyinchiliklar bilan ochgan maktabi butun Toshkentda dovruq qozondi. Lekin ish og‘ir kechdi. Mustamlakachilik siyosatini og‘ishmay amalga oshirib borayotgan o‘lka ma’muriyati maktab masalasida qattiq turdi. Har bir yangi usuldagi maktabning o‘qituvchilarigina emas, o‘quvchilarning ham kimligi, ayniqsa, dastur va darsliklar hamda ularning mualliflari qat’iy nazorat qilindi. Avloniy shaxsiy arxivida saqlanib qolgan Sirdaryo viloyat xalq maktablari nozirining 1914-yil 19-fevral 538-hamda 24-maydagi 1118-raqamli talabnomalari (chamasi, bunday hujjatlar har yili to‘ldirib borilgan) shundan darak beradi.
1908-yili Avloniyning Miroboddagi maktabi yopildi. Buning bitta sababini tarjimai holida shunday yozadi: “Maktabimda yer, odamlar, tog‘-toshlar, daryo, osmon haqinda suhbatlar o‘tkazmoqqa harakat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib, meni kofir bo‘lding deb, maktabimni yopdilar…”.
1909-yili Degrez mahallasida yana maktab ochadi. Dars berish jarayonida ochilayotgan yangi usuldagi maktablar uchun har jihatdan qulay bo‘lgan ko‘plab darsliklar yaratish zaruriyat borligini bildiradi.
1917-yil 6-iyunda “Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi”, 20-noyabrdan esa “Rusiyaning boshqa viloyat va guberniyalariga Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini ushlab qolish va Eski shahar oziq-ovqat komitetiga ma’lum qilish huquqi bilan nazorat etuvchi vakil” qilib tayinlandi.
1917-yili muallimlar o‘rtasida siyosiy ishlar olib boruvchi “O‘qituvchilar soyuzi”ni tuzgan. Shu yili 31-iyun – 3-avgust kunlari Qozonda bo‘ladi. Sababi 1-avgustda Qozonda Butunrusiya musulmon o‘qituvchilarining 2-s’ezdi ochilgan va Avloniy unga vakil edi.
1918-yili esa Kommunistik partiya safiga a’zo bo‘lib kiradi. O‘lka sovetiga saylanadi. Toshkent partiya tashkiloti, shahar ijroiya komitetida mas’ul vazifalarda ishladi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1918-yil sonlaridan birida bosilgan rasmiy xabardan Avloniyning o‘sha yili Eski shahar ijroiya komiteti raisi lavozimida ishlagani ma’lum bo‘ladi. 17 – 29-dekabrda bo‘lib o‘tgan Turkiston Kommunistik partiyasining 2-s’ezdi uni Markaziy Komitetga a’zo qilib sayladi. 1919-yilning aprelida Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetiga saylandi. “Ishtirokiyun” gazetasini yuzaga chiqaruvchi hammuharriri bo‘lib ishladi.
1919-yilning iyunida Avloniy RSFSR hukumatining topshirig‘i bilan Afg‘onistonga boradi. 1919-yilning 28-sentyabridan 1920-yilning 20-iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi. Afg‘on safari undagi bolsheviklar hukumatiga bo‘lgan shubhani kuchaytirib yuboradi. O‘zlarini haqiqatchi deb jar solgan rus bolsheviklarining sobiq chor generallaridan mutlaqo qolishmasligiga ishonadi.
1920-yili sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Afg‘onistondan chaqirib olinadi va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlanadi. U shu yillari “Kasabachilik harakati” jurnalining muharriri, “Qizil bayroq” gazetasining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ish olib boradi.
1921-yildan maorif sohasiga o‘tadi. O‘sha yili Toshkentdagi o‘lka bilim yurtida, 1923-yili Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924-yili harbiy maktabda o‘qituvchilik qiladi.
1925 – 1930-yillari O‘rta Osiyo Kommunistik universiteti (SAKU), O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jaligi maktabida (SAVKSXSh) dars beradi. O‘rta Osiyo Davlat universiteti (SAGU) pedagogika fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlaydi.
Ilmiy-adabiy merosi. Dastlabki she’rlarini 1894-yildan boshlab yozgan. Lekin ular yetib kelmagan. “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” nomli 4 qismdan iborat she’riy to‘plamlari 1909 – 1917-yillar oralig‘ida alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan. She’rlarini “Hijron” taxallusi bilan e’lon qilgan. Maqolalarini esa “Mulla Abdulla”, “Avloniy”, “Abdulla Avloniy” nomlari bilan bostirdi. Ko‘p ishlatgan laqablaridan biri “Indamas” bo‘lgan.
Teatr uchun “Advokatlik osonmi?!”, “Pinak”, “Biz va Siz”, “Ikki sevgi”, “Po‘rtugaliya inqilobi” kabi dramalar yozdi. “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Xo‘r-hur”, “Jaholat”, “O‘liklar” kabi sahna asarlarini tatarcha, ozarboyjonchadan tarjima qildi. Bularning hech qaysi o‘z davrida bosilgan emas.
1909 – 1917-yillari maktab bolalari uchun “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Maktab gulistoni” singari darsliklari, “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plami bir necha bor qayta bosilib chiqdi va Turkistonning juda ko‘p yangi usul maktablari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat etdi.
1910-yili “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi” asarining birinchi nashri amalga oshirilgan.
Oktyabr inqilobidan keyin yozgan va sovet matbuotida bosilgan o‘ntacha she’ri va bir nechta hikoya hamda maqolalari ma’lum bo‘lgan. 60-yillarda uning o‘sha yillari yozilgan ko‘p qo‘lyozma she’rlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Shaxsiy arxivida “Po‘rtugaliya inqilobi” nomli bir dramatik asari bor. 5 parda 10 ko‘rinishli bu asarni fojia (tragediya) deb atasa-da, mazmuniga ko‘ra u qahramonlik dramasiga yaqin. Qo‘lyozma muqovasiga “1921-yil 23-yanvarda yozildi”, deb qo‘yilgan. Asar 1920-yillari sahnaga qo‘yilgan. 1924-yili nashrga tayyorlangan.
Qo‘lyozmalari orasida “Ikki sevgi” deb nomlangan tugallanmagan pesa bor. Ikki pardalik fojia shaklida mo‘ljallangan bu drama 1908 yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan yosh turklar inqilobiga bag‘ishlangan.
1917-yildan keyin birorta ham adabiy-badiiy kitob yoki to‘plami bosilmagan “Nabil”, “Indamas”, “Shuhrat”, “Tangriquli”, “Surayyo”, “Chol”, “Ab”, “Chegaboy”, “Abdulhaq” kabi imzolar bilan gazeta-jurnallarda, ayniqsa, “Mushtum”da ko‘plab hajviy she’rlar, kulgi hikoyalar bostirib turdi. Mirtemir “Yosh leninchi” gazetasi qoshidagi mashg‘ulotlarda Abdulla Avloniy tez-tez ishtirok etib turganini yozadi.
1933-yil 7-sinf uchun xrestomatiya tuzib, nashr ettirdi. Unga 20 – 30-yillardagi o‘nlab o‘zbek adiblari hamda rus, Yevropa adabiyotining qator vakillari haqida biografik ma’lumotlar kiritilgan, ularning mashhur asarlaridan namunalar berilgan edi.
Oilasi. Bobosi Mirne’matboy asli qo‘qonlik o‘qchi-yoychilardan, otasi Miravlon aka mayda hunarmandlik – to‘quvchilik bilan shug‘ullangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi San’at muzeyi atrofi) bo‘z va chit bilan savdo qilardi. Otasi 1900-yilda vafot etgan. Onasining ismi Fotima bo‘lgan.
1900-yilda toshkentlik savdogar bir xonadonning Salomatxon degan qiziga uylanadi.
O‘limi. 1934-yil 25-avgustda vafot etdi.