Abdulhamid Cho‘lpon

Abdulhamid Cho‘lpon (1897, Andijan – 1938, Tashkent) was a major Uzbek poet, writer, translator, and public figure of the Jadid movement. Born into a cultured family, he received early education in madrasas, mastering Arabic, Persian, and Turkish. Influenced by Fitrat and other reformists, Cho‘lpon began publishing in 1912, using pen names like Qalandar and Cho‘lpon. His poetry and prose reflected enlightenment ideals and national awakening, addressing oppression, ignorance, and the struggle for freedom.

He worked in journalism (Hurriyat, Sadoyi Turkiston, Ishtirokiyun), theater, and translation, bringing Pushkin, Gorky, and others into Uzbek literature. His major works include poetry collections Uyg‘onish (1922), Buloqlar (1923), Tong sirlari (1926), and the novel Kecha va kunduz, which depicted social hardship, especially women’s plight.

A participant of the 1920 Baku Congress, he engaged in cultural and political life but soon faced persecution as a “nationalist” and “pan-Turkist.” Arrested during Stalin’s purges, he was executed on October 4, 1938. Cho‘lpon remains a symbol of freedom, renewal, and national consciousness in Uzbek literature.

(1897 — 1938)

Bolaligi. Abdulhamid Cho‘lpon 1897-yili Andijonning “Qatorterak” (hozirgi Navoiy shohko‘chasi) mahallasida o‘ziga to‘q oilada dunyoga kelgan. Onasi Oysha aya o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan yaxshi xabardor bo‘lgan. Abdulhamid so‘z san’atiga muhabbatni avvalo onasi aytgan alla va ertaklardan olgan. Oysha ayaning 14 farzandidan faqatgina, 4 tasi omon qolib, qolganlari go‘daklik chog‘idayoq vafot etgan. Abdulhamid to‘ng‘ich farzand bo‘lgan, uning Komila (1902), Fozila (1905) va Foyiqa (1908) ismli singillari bo‘lgan.

Otasi Sulaymonqul Yunus o‘g‘li ziyoli, ma’rifatparvar inson bo‘lib, dehqonchilik, hunarmandchilik, keyinchalik bazzozlik bilan kun kechirgan. U Sharq adabiyotiga oid asarlarni mutoala qilib, o‘zi ham “Rasvo” tahallusi bilan she’rlar yozgan. Sulaymonqul asli O‘sh shahri yaqinidagi Yorqishloqdan bo‘lib, qishloqda ko‘tarilgan to‘polondan keyin Andijonga ko‘chib kelgan va bu yerda yashab qolgan.

Ma’lumoti. Abdulhamid dastlab maktabda, so‘ng Andijon va Toshkent madrasalarida tahsil ko‘rgan. U Qur’oni karimni, shariat qonunlarini o‘rganish bilan birga arab, fors, turk tillarini o‘rgangan. U keyinchalik ayrim she’rlarini usmonli-turk tilida yozgan. Bu Cho‘lpon iste’dodini namoyon etuvchi qirralardan biri sifatida diqqatga molikdir.

Cho‘lponning talabalik yillari Turkistonda muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarning boshlanish davriga to‘g‘ri kelgan. Bu davrda Rossiya imperiyasi  turkiy xalqlarga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan edi. Turkistondagi imperiyaning ma’muriy hukumati o‘lkada ruslashtirish siyosatini kuchaytirgan, aholi o‘rtasida rus tilining targ‘iboti kuchli bo‘lgan. O‘lkadagi ro‘y berayotgan voqealar, aholining mustamlakachilik ostidagi og‘ir hayoti hamda jahon yangiliklariga oid Turkistonga kelib turgan xabarlar Abdulhamidning dunyoqarashiga ta’sir qildi. Shuningdek, madrasada o‘qib yurgan kezlarda Istambuldagi turkchilik g‘oyalaridan yaxshi xabardor bo‘lgan bir kishi bilan bo‘lgan suhbati ham uning fikrlarini o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatgan.

20-yuzyillik boshlarida Turkistonda tarqalgan gazetalar bu davr yoshlarining ijtimoiy-ma’naviy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, 1905 yilgi birinchi rus inqilobi, qolaversa, Eron va Turkiyada ro‘y bergan voqealar Turkistondagi ijtimoiy-madaniy hayotga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Turkistondagi jadidchilik harakati yanada faollashdi. Ushbu harakatning yirik namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat kabilarning amaliy faoliyatlari hayotni yangicha qiyofalarda ko‘rishga ishtiyoqmand yoshlarni o‘ziga tortgan.

Cho‘lpon bu haqda shunday deydi: “O‘shanda biz, yosh o‘zbek yozuvchilarining hammasi Fitrat ta’sirida edik, u o‘zbek she’r tuzilishining islohotchisi sifatida eski arabiy-forsiy shakllar va shablonlardan xoli bo‘lib, jonli, real xalq tilida yoza boshlagan edi”.

Fitratning Istanbulda tahsil olganligi va jahon o‘zgarishlaridan xabardor ziyoli sifatida jamiyatni isloh qilishga qaratilgan yangicha qarashlari yoshlarga ham ta’sir eta boshlagan. Uning milliy istiqlol tuyg‘ulari aks etgan g‘oyalari ham sezilarli tus ola boshlagan.

Faoliyati. Cho‘lponning ijod namunalari 1912 – 1913-yillardan Turkiston matbuotida nashr etila boshlagan.  “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va “Cho‘lpon” tahalluslari bilan matbuotda maqolalar e’lon qilgan. Uning ilk asarlari “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” ro‘znomalari hamda “Sho‘ro”, “Oyina” oynomalarida chop etilgan bo‘lib, ularda, asosan, ma’rifatparvarlik g‘oyalari targ‘ib etilgan, shu bilan birga, ikki tomonlama ezilayotgan xalqni aniq va haqqoniy tasvirlarda ifodalashga harakat qilingan.

Cho‘lpon ijodi davr bilan hamnafas bo‘lgan. Ayniqsa, 1916-yildan keyin u yaratgan publitsistik maqola, she’r va nasriy asarlarda ijtimoiy-siyosiy mavzular yetakchilik qilgan. Uning Fitrat muharrirlik qilgan “Hurriyat” (1917) gazetasida chop etilgan maqolalari hozirjavob mavzuga bag‘ishlanganligi bilan ajralib turgan.

U 1917 – 1919-yillar oralig‘ida Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev, Mirmuhsin Shermuhammedov va Abdulhamid Orif o‘g‘li bilan birga Orenburg shahriga borgan. Ushbu yillarda Cho‘lpon Boshqirdiston hukumati raisining kotibi vazifasida ishlash bilan birga adabiy hayotda ham faol ishtirok etgan. U yerda nashr etiladigan “Sho‘ro” jurnalida turkiy xalqlarning ertangi kuni haqidagi publitsistik maqolalari chop etilgan. Cho‘lponning millat haqidagi fikrlari o‘sha davr boshqird ziyolilari diqqatini tortgan.

1918-yili Mannon Uyg‘ur boshliq teatr truppasi Toshkentdan Orenburg shahriga gastrolga borgan. Cho‘lpon u yerdagi Mannon Uyg‘ur, Abror Hidoyatovga o‘xshash teatr arboblari bilan uchrashgan, ular bilan ijodiy muloqotda bo‘lgan. Bu uchrashuv Cho‘lpon faoliyatida yangi sahifa ochgan. U o‘z hayotini teatr bilan chambarchas bog‘lagan.

Cho‘lpon 1919 – 1920-yillari Orenburg safaridan qaytib, Toshkentda yashay boshlagan. U bu davrda “Ishtirokiyun” gazetasining faollaridan biri sifatida bir qator maqola, she’r va ocherklari bilan qatnashgan.

Uning jurnalistik faoliyati ham mana shu yillarga to‘g‘ri keladi. Cho‘lpon 1919-yili Nazir To‘raqulov taklifi bilan Farg‘ona viloyatida chiqayotgan “Yangi Sharq” ro‘znomasiga ishga kelgan.

1920-yilning 1-8 sentabr kunlari Boku shahrida Sharq xalqlarining birinchi quriltoyi o‘tkazilgan. Unda 30 dan ortiq davlatdan 2000 ga yaqin vakillar qatnashadi. Ushbu qurultoyda  Turkistondan brogan Munavvarqori Abdurashidxonov, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Obidjon Mahmudov, To‘raqul Jonuzoqov kabi taniqli ziyolilar bilan birga Cho‘lpon ham ishtirok etgan.

Cho‘lpon 1921-yili Fitrat taklifi bilan “Axbori Buxoro” gazetasiga xizmatga borgan. U ro‘znoma muharriri sifatida Buxoro jadidlarining ilm, madaniyat, ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi qarashlarini tashviq qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan. Buxoro inqilobi bayroqdorlariga qarshi kurash avj olgach, Fitrat Moskvaga, Cho‘lpon esa Toshkentga ketishga majbur bo‘lganlar.

U 1923-yili Andijonga kelgan va “Darxon” gazetasida ishlay boshlagan. 1924-yili u yana Toshkentga ko‘chib kelib, teatr ishlari bilan shug‘ullangan. Shu yili teatr truppalarining 24 a’zosi Moskvaga o‘z bilimlarini chuqurlashtirish uchun yuboriladi. Ular safida Cho‘lpon ham bor edi. U tarjimon va adabiy emakdosh sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

U Moskvada hammaslaklari Fitrat va Abdulhay Tojiev bilan ko‘rishgan. Ularning iltimoslariga binoan bir qator asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Badiiy ijod bilan shug‘ullanish barobarida nemis tilini ham o‘rgana boshlagan. Uning bu tilni o‘rganishidan maqsadi Germaniyaga yuborilgan turkistonlik talabalar oliy tahsilni olib qaytgach, ular bilan  nemis tilida so‘zlashish, shu tildagi adabiyotlar bilan tanishish bo‘lgan. Afsuski, xorijda tahsil ko‘rganlarning ko‘pchiligi josus sifatida gumon qilinib yo‘qotib yuborilganligi sababli, u o‘zining bu niyatiga yeta olmagan.

Ilmiy-adabiy merosi. Cho‘lpon faoliyati davomida ko‘plab asarlar yaratdi. Uning Turktkiton matbuotida “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik”, “Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar”, “Adabiyot nadir?”, “Ruhimiz o‘lmasin!”, “Chetdagi talabalarga yordam”, “Gullaysan maorif!”, “Ko‘mak” ishlari”, “Moskvadagi dram studiya”, “Mirxo‘ld teatri”, “Abo Muslim”, “Sharq uyg‘ongan”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yo‘l esdaligi”  kabi maqolalari nashr etildi. U “Qurboni jaholat”, “Do‘xtir Muhammadiyor” singari hikoyalari bilan xalq orasidagi illatlar va muammolarni ochib berdi. Shu bilan birga u “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola” kabi hikoyalarni ham yaratdi. Cho‘lponning 1922-yili “Uyg‘onish”, 1923-yili “Buloqlar” 1926-yili “Tong sirlari” kabi yirik she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Uning eng yirik asarlaridan biri “Kecha va kunduz” romani bo‘lib, asarda xalqning ayniqsa, xotin-qizlarning og‘ir-mashaqqatli hayoti jonli voqealar bilan tasvirlab berilgan. 

20-yuzyillikning 20-yillari ikkinchi yarmiga kelib ziyolilarni taftish qilish, ularga siyosiy ayblar qo‘yish hollari kuchaygan. Ayniqsa, o‘z asarlarida Vatan va millat istiqboli haqida fikr yuritgan ijodkorlarga “millatchi”, “panturkist” va “panislamist” degan yorliqlar yopishtirila boshlangan. 1931-yilga kelib Cho‘lpon ijodiga nisbatan ham ta’qiblar kuchayib borgan. Shu bois 1932-yili Moskvaga ketishga majbur bo‘ladi. U Moskvada ikki yil yashab, yana Toshkentga qaytgan.

U o‘zining 1935 – 1937-yillar ichida qilgan ishlari haqida so‘zlar ekan: “Moskvadan kelganimga ikki yil bo‘ldi... Mana, ikki yil orasida men nima ish qildim? “Ona”ning ikkinchi bo‘limini tarjima qildim. Bu to‘g‘rida hammadan maqtov eshitaman. Bu ham birinchi bo‘limcha keladi. Katta narsa. Undan keyin Gorkiyning “Egor Bulichev”ini, A.S. Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov”ini tarjima qildim. “Jo‘r” degan she’rlar to‘plamini topshirdim. Lohutiyning “Ovrupo safari”ni tarjima qildim. Undan tashqari, Eski shaharda chiqa turgan “Teatru” gazetasiga qatnashaman, undan keyin “Mushtum”da ishlayman, agar sizlar shuni ham kam desangiz, meni xalturaga tortgan bo‘lasiz”.

Cho‘lpon Moskvadan qaytgan kezlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil bo‘lgan, bir qator ijodkorlar uning safini to‘ldira borayotgan edi. Cho‘lpon ham shu uyushmaga kirish uchun ariza bergan. Lekin ariza e’tiborsiz qoldirilgan. Cho‘lponga qarshi kurashayotgan yovuz kuchlar bu bilangina kifoyalanib qolmay, uning asarlarini chop etishga ham to‘g‘anoq bo‘lganlar. U shu munosabat bilan Akmal Ikromovga murojaat qilgan. Tayinli natija bo‘lmagan. Shundan keyin “zamonsozlikka” o‘tishni afzal ko‘rgan, kunning muhim masalalariga bag‘ishlangan tashviqiy ruh aniq sezilib turadigan she’rlar yozgan. Lekin Cho‘lponning bu she’rlari ham matbuot yuzini ko‘rmagan.

Oilasi. Cho‘lpon 1923-yili Soliha ismli qiz bilan oila qurgan. Farzandsizlik boyis ushbu oila ajrashishga majbur bo‘lgan. U 1932-yili Moskvada Yekaterina Ivanovna degan ayolga uylanib qatag‘on etilguniga qadar birga yashagan.

O‘limi. Cho‘lpon millatning peshqadam vakillari ustiga bostirib kelayotgan zo‘ravonlik mashinasi changalidan omon chiqa olmasligini tushunib yetgan. Andijondagi uyida saqlanayotgan qo‘lyozmalarini, o‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ashyolarni Toshkentga olib ketgan. Oradan hech vaqt o‘tmay u IIXK xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. 1938-yilning 4-oktyabrida otib tashlangan.